O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MAKTABGAChA TA'LIM VAZIRLIGI VA BOSh PROKURATURA TOMONIDAN TOShKENT VILOYaTI QIBRAY TUMANIDA 25-SONLI DAVLAT MTT FAOLIYaTI BO‘YIChA AMALGA OShIRILGAN TEKShIRUV NATIJALARI HAQIDA RASMIY MA'LUMOT


Tekshirish davomida quyidagi huquqbuzarliklar aniqlandi:

Haqiqatda ishlamaydigan xodimlarni turli vazifalarga rasmiylashtirish (o‘lik jonlar) orqali pul mablag‘lari noqonuniy xisobdan chiqarilgan.
Bolalar maktabgacha ta'lim tashkilotiga noqonuniy qabul qilingan va ushbu bolalar uchun to‘langan ota-ona to‘lovlari g‘aznaga kirim qilinmagan.
2018-2019 yillarda jami 180,4 mln.so‘mlik go‘sht, sut va boshqa boshqa oziq-ovqat maxsulotlari asossiz xisobdan chiqarilgan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qibray tuman bo‘limi O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan to‘plangan hujjatlar asosida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, 25-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti mansabdor shaxslari tomonidan 2018-2019 yillarda jami 180,4 mln. so‘mlik go‘sht, sut va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 19.11.2019 yilda Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Toshkent viloyati Maktabgacha ta'lim boshqarmasi boshlig‘ining 27.11.2019 yildagi buyrug‘iga asosan Qibray tumanidagi 25-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti mudirasi Z.S. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Maktabgacha ta'lim tizimi uzoq yillar davomida yetarli darajada nazoratda bo‘lmaganligi uchun, bu soha tang ahvolga tushib qolgan, tizimda qonunbuzarlik va suiiste'molliklarni oldini olish uchun joylarda nazorat ishlarini kuchaytirish zarurligini talab etmoqda. Maktabgacha ta'lim vazirligi byudjet mablag‘larining noqonuniy o‘zlashtirilishi va kamomadlarga yo‘l qo‘yish holatlarini aniqlab, barcha tekshirish xujjatlarini Bosh prokuraturaga yubormoqda.

Ma'lumot o‘rnida: Maktabgacha ta'lim vazirligining Ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat xizmati tomonidan 2019 yilning o‘tgan 9 oyi davomida jami 18,6 mlrd.so‘mlik moliyaviy huquqbuzarliklar aniqlangan 416 ta tekshirish xujjatlari qonuniy chora qo‘rish uchun huquqni muxofaza qilish organlariga yuborilgan.